Zebiniso Ahmedovadan psixologik, psixoterapevtik blog

Solih va soliha farzand keltiradigan ayolingga emas

Oila psixologiyasi
Aytishlaricha, bir ayol zamonasining peshvosi huzuriga kirib, xojasining johilligi, ahlu-ayoliga qattiqqo‘lligi, farzandlariga zulmi, oilasiga insofsizligi, ro‘zg‘origa e’tiborsizligi, bola-chaqasiga mehrsizligi, kulbasiga ham befarqligidan o‘ta xarob holga kelganligi, oila davrasidan yiroqligi, suhbati yo‘qligi, o‘z yumushlari bilan o‘zi ovoraligi, ayoli, farzandlariga nafaqa ajratmasligidan ular och qolib ketishligi, qiyinchilik bisyorligidan nochor ahvolda qolishganligi va har kun xonadonda urush-janjal arimasligidan shikoyat qildi ...

Shayx u odamni chaqirtirdilar. Kelib tavoze bilan salom berdi. "Ahlu-ayoling huzuriga kirganingda ham salom berarsan?" dedilar. Savolga javob yo‘qligidan kalovlanib qoldi. "Kasbing ne?" dedilar, "Chorva boqaman, semirtiraman, ko‘paytirib sotaman" dedi. "Yemishi haqida ayt!?" dedilar. "Qish uchun bahordan urinaman. Ekin ekaman, don sepaman, yozi bilan mehnat qilaman. Yer chopaman, suv qo‘yaman, kuzda misqollab yig‘ib olaman". "Parvarishidan so‘zla" dedilar. "Tong sahardan yuvaman, tarayman, yaxshi qarayman, yem, suv beraman, tanalariga parvarish qilaman, tagini tozalayman, ustini yuvaman, kunduzi bilan nazardan qochirmayman, kechalari uxlamayman" dedi. "Qaysarlik qilsa urarsan?" dedilar. "Yo‘q, urmayman, badaniga ozor yetishini istamayman" dedi. Eshitishimcha, bozordagi hayvonlar ichida seniki eng ko‘rkami, eng chiroylisi, eng sardori emish?" dedilar, "Ha, chunki men MEHR BERAMAN" deb javob berdi...

So‘z shu yerga kelganda Shayx haybat va g‘azab bilan unga shunday dedilar: "Ey nodon! Shu mehringni, parvarishingni, rizq uchun harakatingni, tarbiya uchun jahdingni, daromad uchun sabringni, chorpo uchun shafqatingni biror qismini o‘z ahlingga, farzandingga, oilangga, ro‘zg‘oringga sarf qildingmi? Biri betob bo‘lganda parvarish qildingmi? Ayoling och qolsa, achindingmi? Ro‘zg‘oring butligi uchun kechalari uxlamay chiqdingmi? Oilang farovonligi uchun bahordan qishga qadar vaqt ajratdingmi? Bir hayvonga, bir molga bergan mehringni soliha ayolingga ham berdingmi? Senga katta bo‘lganda yordamchi bo‘ladigan, qo‘lingdan ishingni oladigan, betob bo‘lsang, atrofingda parvona bo‘ladigan, keksaygan chog‘ingda mador

bo‘ladigan, vaqtiki olamdan o‘tsang, ortingdan mag‘firatingni so‘rab duo qiladigan zurriyot keltiruvchi rafiqangga joningni kuydirdingmi? Ey betavfiq! Bilgil-ki, sen boringni, umringni, butkul e’tiboringni o‘ziday solih va soliha farzand keltiradigan ayolingga emas, aynan o‘ziday hayvon, xuddi o‘ziday mol tug‘ib beradigan hayvonga berib qo‘yding!"...

Bu so‘zlarni eshitgan molfurushning boshiga misoli gurzi urildi. Hayolidan esa, oro berilgan boquvdagi mollari bilan och, yupun, qarovsizlikdan nimjon va kasalmand holga kelgan farzandlarining taqqosi o‘tardi...

© Zebiniso Ahmedova
————‼️————
— Barcha turdagi psixiatrik, psixoterapevtik xizmatlar;
— Psixiatrdandan Konsultatsiya olish uchun;
— Vahima, qo‘rquv, yopishqoq fikr, xavotirlar;
— Nevrotik depressiyalarda bizga murojaat qiling!
Hoziroq, qo‘ng‘iroq qiling!
Tel: +998951662662