Zebiniso Ahmedovadan psixologik, psixoterapevtik blog

Er va Xotinlik majburiyatini bo'yniga olish

Oila psixologiyasi
“Uylanibdimi? Ha, to‘rva xaltani bo‘yniga olibdi...”, - degan gap xalq orasida tez-tez eshitilib turadi. Bu haqiqatning o‘zginasi.

O‘g‘il erga aylandi. Ammo, o‘g‘il erkak-erga aylandimi? Qiz xotinga aylandi. Ammo, qiz ayol-xotinga aylandimi? Qiz kelinga aylandi. Ammo, qiz uy bekasi kelin rolini bajara olishga malakasi yetdimi? Bir vaqtning o‘zida ham kelinlikni, ham xotinlikni, ham talabalikni, ham ota-onasi uchun baxtli qiz rolini eplay olmayotgani uning aybimikan? Erkak uyning himoyachisi, tinchlik hukmron xonadonda vazmin siyosat o‘rnatuvchi o‘g‘il o‘z qonuniyatini xotiniga singdirayotganida, bu qonunlarni qaynona yozib berishiga qanday qaray oldi? Bu ona o‘g‘li er yetib erkak bo‘lganida uning erkaklik siyosatiga aralashib to‘g‘ri ish qildimikan? Shu savollarning o‘zi ham bu ikki yoshga ne chog‘lik qiyin ekanligini tushuntirgandir sizga. Azizginam, shu er yetgan erkak, shu ayollik tojini kiygan qizgina, sabr va sabrni o‘zingizga kuch deb biling.

Psixolog qabulidan lavha: "Kelinim biram noshud chiqdi, shu desangiz. Biram sekin yuradiki, “yuraymi, yurmaymi” deb ish qiladi. O‘g‘lim televizor ko‘rib uxlab qoladi uning ovqati suzilgunicha. Tarbiyalamay desam, bu kelinga kimdir ustoz bo‘lishi kerak-ku! Bekorgayam “Qaynana ko‘rgan kelin qarqara kelin, qaynona ko‘rmagan kelin masxara kelin” deyishmagan. Tunov kuni kelinimning o‘g‘limni kuzatayotganida qo‘liga bir nimalarni yozib tutqazib, “olib keling” deganini guvohi bo‘lib tutaqib ketdim. Bo‘sh bayovgina o‘g‘lim shu narsalar kerakmiyam deb qaramadi-ya bu qog‘ozga. Balkim men noto‘g‘ri qaynonalik qilayotgandirman. Nima bo‘lganida ham men kelinimni qizim bo‘lishini istayman".

Psixolog so‘zi: Avvalo, hamma o‘z rolini bajargani ma’qul. Ya’ni qiz o‘z qizligini, o‘g‘il erligi va erkakligini, ona qaynonaligini va kelin malika kelinligini bajargani to‘g‘riroq bo‘ladi. Nega endi malika bo‘larkan? Kelin u, kelin! E’tirozingiz bormi bu keliningiz malika bo‘lishiga? Ikkinchi turfa kelin bu kelin-xizmatkor, qul-kelinlik maqomidir. Qul kelinning fikri yo‘q, o‘rni yo‘q, hurmati yo‘q! Malika kelin hammani o‘z shohona munosabati bilan maftun qiladi. O‘zining fikri, qarori va munosabatini shu oilaga olib kirishni istaydi. Agar, siz keliningizni malikalardek o‘zini tutishini istamasangiz, o‘g‘lingiz ham sultonlikni boshqa joydan qidiradimikan? Yoki o‘g‘il ham shu xizmatkor- kelinga mos ravishda o‘z fikri va mavqesiga erisha olmaydigan ojiz o‘g‘ilga aylanadi. Siz poshsho qaynonasiz, malika keliningizga ishoning. Er bo‘lib, erkak bo‘lgan o‘g‘il emas, sultoningiz qanday xotin qila olishiga qo‘yib bering. Erlik qoni, erkaklik qoni, sultonlik qoni o‘zini ko‘rsatadi. Aralashmang er va xotin, ayol va erkak munosabatiga, qaynona kelin munosabatidagi shohona muloqotni saqlab qoling.

Gunoh bo‘lmaydigan yolg‘on – ko‘zlaring yoshli bo‘lgani holda tabassuming bilan yuvishingdir.

Psixolog qabulidan lavha: “Onam aytgan qizga uylandim. Uchrashuvda ko‘nglim “jiz” etmadi-yu, ota-onasi yaxshi odamlar ekan deyishganiga, “sen xotinni qag‘dan bilasan?!” deydi-yu kinoda shu kabi uylandim. Bilasizmi?... Xotinim binoyidaygina, ammo, uyga kelsam qovog‘idan qor yog‘ib turadi. Uyimga ketaman deydi. Nima bo‘ldi? Desam yig‘laydi. Nima qilishniyam bilmayapman. Onam bilan chiqishmayaptimikan? Deb o‘ylayman. Unday bo‘lsa mayliku-ya. So‘rab surishtirmaganman, balki, sevgani bormikan? Men bilan umuman gaplashmaydi. O‘zi erta tongda ishga ketib, tunda ishdan kelaman. Mana, ikki oydirki, shu xol. Onamga nega bu keliningiz umuman gapirmaydi menga desam, “yaxshi bo‘lib ketar” deb qutuladilar. Men yo‘qligimda biror chiqishmaslik bo‘ldimikan, menga aytishmayaptimikan deb o‘ylayman. Siz psixologsiz, qiynalib ketdim, er-xotinlik zavqiyam yo‘q. Boshida shu kabi yashasak, keyin qanday bo‘ladi. Ishdan kelishimda shokolad olib kelib, kel choy ichamiz, deyman. “Xo‘p deydi-yu, yana menga choy damlab berib kirib ketadi. Onamning aytishicha, yashirincha telefonda gaplasharmish kimlar bilandir. Opa, nima qilaman endi? Farzand ko‘rishniyam o‘ylab qoldim".

"Qo‘lga kiritish uchun yillar sarflanadigan, yo‘qotish uchun soniya kifoya qiladigan, yo‘qotganda qayta qozonish uchun umr yetmaydigan narsaning nomi – ishonchdir"

Psixolog so‘zi: “Sizning aytganlaringizda xotiningiz uchun biror aytarli xato topmadim. O‘zini bu kabi tutishini uyatliroq deb, melanxolik yoki flegmatik deb baholash ham mumkin. Telefon tutgani va kim bilandir gaplashgani hali tasdiqlanmagan gap. Gaplashgan taqdirdayam, onasi bilan gaplashayotgan bo‘lishi mumkin. Xotiningizni mening qabulimga olib kelishingiz o‘rinliroq. Sizga esa maslahat, uning bu kabi odamoviligiga sabrliroq bo‘ling.

Sabr chorasiz vaziyatda ham go‘zal oqibatni umid qila olish san’atidir.

Bebaho javhar uchun eng og‘ir musibat – qimmatbaho tosh bilan oddiy shishaning farqiga bormaydigan nobop zargarning qo‘liga tushib qolishi...

Psixolog qabulidan lavha: “...Qizimni eri bugun uyimga olib keldi. Kechki payt uyiga qaytadi. Kelishi bilanoq qizim yig‘laydi, yashay olmayman deb. O‘zi bittagina qizim bor erkaroq o‘sgan. Nimaga yashay olmas ekansan, desam aytmaydi. Sizga aytar psixolog opasi.

“...(qiz kiriboq yig‘ladi) Onamga ayta olmayman. Bilasizmi opa, u uyda yeyishgayam hech narsa yo‘q. Faqat pulning janjali. To‘ydan keyingi qarzlar haqida gapirishadi. Ertalablar nimani dasturxonga qo‘yishni bilmayman. Menimcha erim ko‘chada to‘yib kelsalar kerak. Qaynonamning har kuni yurishlari chiqadi. Hamshira bo‘lganlari uchun har kuni kimgadir muolaja qilishga chiqib uzoq paytdan keyin qaytadilar. Bir o‘zim uyda o‘tiraman. Mastavami, shavlami qiling deydilar. Yoki o‘zlari uch kunga yetarli qilib qozon qaynatadilar. Mening esa har kuni bir narsa yegim kelmaydi opa. Avvallari bunday bo‘lmas edi. Nega har xil narsalar yegim kelaveradi o‘zim ham bilmayman. Qaynonamga tegishtirib aytdim, bir narsalar pishirib beraymi dedim. Qaynonam “bilyapman, hozir to‘ydan keyin biroz qarzdamiz, hammasi yaxshi bo‘ladi” deb qutuldilar. Opa, men istagan narsamni yegim kelganida u yoqda yashagilarim kelmay ketyapti. Onamga aytolmayman-ku!

Agar sen bir kimsaga siringni aytsang, bir kuni o‘zingga otiladigan o‘qni unga hadya qilibsan. (Arab maqoli)

Faqat sir o‘zi nima degan savolga to‘g‘ri javob bera olish kerak.

Psixolog so‘zi: Qizlikdan xotinlikka o‘tish degani, endi o‘z vazifalaringizni tushunib olishingiz degani. Eringizga o‘zingizning bu kabi yegulik qo‘msayotganingizni aytishingiz o‘rinli bo‘ladi. Aptekadan test olib homilador bo‘lganligingizni tekshiring va eringizga bu haqda bildiring. Uydagi yegulik yo‘qligini nolish sifatida emas, endi quvnoqlik sifatida bildirasiz. Siz bo‘lajak ona sifatida sog‘ligingiz raso bo‘lishi uchun sifatli va o‘z vaqtida ovqatlanishingiz kerak. Buni tushuntirishni ayblovsiz, tanbehsiz, uyingizga solishtirmasdan aytishni eplolasiz deb o‘ylayman. Kuyov bolaning xursandligi sizning uyingizdagi bu muammoni yechishga olib kelishiga ishonaman”

Musibat sening musibating bo‘lmaganida sabr haqida gapirish qanchalik oson! (Ayman Attum).

© Zebiniso Ahmedova

————‼️————
— Barcha turdagi psixiatrik, psixoterapevtik xizmatlar;
— Psixiatrdandan Konsultatsiya olish uchun;
— Vahima, qo‘rquv, yopishqoq fikr, xavotirlar;
— Nevrotik depressiyalarda bizga murojaat qiling!

Hoziroq, qo‘ng‘iroq qiling!
Tel: +998951662662