Zebiniso Ahmedovadan psixologik, psixoterapevtik blog

Hamma yomon bo'lishi mumkinmi?

Umumiy psixologiya
Hamma yomon bo‘lmasligi aniq. Ammo, eng yaqin insonlaringni yomon ko‘rib qolganingda nima qilish kerak? Umuman olganda, birovni yomon ko‘rib qolish ham xuddi shamollashdek, kamqonlikdek ruhiy betoblik deb tushuntirsak bo‘ladi. Ota-onaning nohaqligini, ustozning sizni tushunmasdan nohaqlik qilganlarini kechira olmaysiz go‘yo. Bu og‘riqli fikrlar haqiqatdan ham ruhiy betoblikdir. Bunda kayfiyatsizlik, jahl, yomon ko‘rish sizning asosiy fikrlaringizga aylanadi. Bu fikrlar oddiy fikrlar emas. Ular go‘yo olovdek yondiradi, o‘ch olishga, baqirishga, ularni ham qiynoqlarga solishga undaydi go‘yo.

Bunda: Rasmiy muloqot: Siz yomon ko‘rib ketgan yaqinlaringiz bilan faqat “Ha” yoki “Yo‘q” deb javob beryapsiz. O‘qituvchingiz ikki qo‘yaman desa ham go‘yoki ichingizdagi ovoz “bilganingizni qilavering” deydi. Shu payt ularni yomon ko‘rib ketayotgan bo‘lasiz. Ularning “aybi” sizni tushunmaganligidadir. Siz esa ularga o‘zingizning fikringizni tushuntira olmadingiz. Sababi, ular tushunishmaydi, ular meni tinglashmaydi deysiz. Siz haqsiz. Ba’zi ota-onalar ishdagi charchoqlar, fe’l-atvor va vaziyatdan kelib chiqib o‘z farzandlarini ham tinglashmaydi. Ammo, siz psixologik bilimlar egasiga aylandingiz. Endi yosh psixolog sifatida o‘zingizni boshqacha tutishingiz kerak bo‘ladi. Qo‘ng‘iroq qilishganida telefonni ko‘tarmaslik ham jimlik bilan ularni jazolashingizdan darak bermoqda.

Nima qilishni tavsiya beramiz? Sizda ota-onangiz (ustozingiz, do‘stingiz, singlingiz, aka-opangiz) bilan ichki urush ketayotgan bo‘lsa, qalbingizdagi bu og‘riqni his qiling. Bu og‘riq yoki bu muammoli vaziyatni yechish sizning ixtiyoringizda.
1. Kundaligingizda “Og‘riq sahifasi”degan yozuv bilan nimalardan qalbingiz og‘riyotganligini yozing.
2. “Ota-onangiz, ustozingiz va sizning yaqiningiz o‘zgaradimi?” degan savolga javob bering. Bu savolga qanday javob berganligingizni bilmadim, ammo, bitta aniq fikr ayta olaman. Siz o‘zgara olasiz. Ulardan mehrli so‘zlar kutayotgan, og‘riqlarini bildirmasdan, ularni yomon ko‘rib qolgan inson qiyofasini o‘zgartirish sizning qo‘lingizda. Siz ulardan kuchliroq tushunadigan darajaga yetishni istamasmidingiz? Unda, ular bilan rasman-do‘st darajasida gaplashishni oldingizga maqsad qilib qo‘ying. Bu nima degani? Ota-ona bilan hurmat darajasida gaplashish nima degani? Siz ustozlaringiz bilan ham, ota-onangiz bilan ham, yoru-birodarlaringiz bilan ham rasman-do‘st maqomida gaplashishni o‘rganing. Bu degani ulardan xafa bo‘lmasdan, o‘zingizga og‘riq yetkazmasdan, ularning o‘zgarishini istab, kutmagan holda gaplashish. Siz mehr nimaligini ko‘rsatib bering.
3. Har kuni “Og‘riqlar sahifasi” degan kundaligingizning bir betidagi yozuvlarni kamaytiring. Qo‘lingizdan nima keladi urushmaslik uchun. Bu baqiruvchi ovozlarga rasman javob qaytarish bilan kuchlilikni namoyon qiling. Yomon ko‘rish deb nomlangan ruhiy betoblikning ovozi baqirish bilan eshitiladi. Sizning ham shu ruhiy betoblikni o‘zingizga yuqtirishingiz ularning baqirganlariga baqirish va jahl bilan javob berishda ko‘rinadi. Rasman javob berishni o‘rganamiz: -Mening onamsiz, men sizga baqira olmayman. -Mening ustozimsiz, men sizga yomon gap ayta olmayman va siz ham o‘z o‘quvchingizni kechira olasiz deb o‘ylayman. -Mening singlimsan, men aka sifatida senga qattiq gapira olmayman. -Mening do‘stimsan, men o‘zimga do‘stga qattiq gapirishni ravo ko‘ra olmayman. -Mening otamsiz, sizga qattiq gapirishni o‘zimga ep bilmayman. -Siz ayol kishisiz, sizga sizdek qattiq gapirishga yigitlik g‘ururim yo‘l qo‘ymaydi. -Siz erkak kishisiz, qiz bola qattiq baqirib gapira olmaydi, shuning uchun men sizga qattiq gapira olmayman. Maylimi, biroz sekin gaplashib olsak. -Sizni endi ko‘rib turibman, o‘z hurmatimni bilgan holda men sizga qattiq gapirishim mumkin emas.

Rasmiy muloqotni o‘rganish borasida kelajakda judayam kuchli rahbar bo‘lishga qadam qo‘ydingiz, qadrli suhbatdoshim.

© Zebiniso Ahmedova

————‼️————
— Barcha turdagi psixiatrik, psixoterapevtik xizmatlar;
— Psixiatrdandan Konsultatsiya olish uchun;
— Vahima, qo‘rquv, yopishqoq fikr, xavotirlar;
— Nevrotik depressiyalarda bizga murojaat qiling!

Hoziroq, qo‘ng‘iroq qiling!
Tel: +998951662662