SHARIFA hikoyasi ...

4-5-qismlar: "SHARIFA yohud SEVGI va XIYONAT" kitobi

2024-11-05 14:10
- Xo‘p! Xo‘p, Xo‘p! Faqat shartim bor opa. O‘g‘lingizdan juda uyalayapman. Aytib qo‘ying faqat rol o‘ynaganda gaplashaman. Boshqa payt mendan uzoqroq yursin opaaaa...
-Sharifajon... Qandayam qalbing go‘zal a... Biluvdim, sen bizni bu xolga tashlab qo‘ymasligingni. O‘g‘limga yaxshilab tushuntirib qo‘yaman senga umumaaannn gapirmaydi. Gapirmasa xafa bo‘lma endi... (Xa-xa-xa kuldi).
-Buxoroliklar shunday bo‘ladi-da opa!
-Bugun mehmon keladi, sen Shahina opangni kiyimlaridan chiroylisidan olib kiy. Uy ishlariga aralashaverma. Uy ishini qiladigan Vazira opang bor. Sening bugun ishing chiroyli kiyinib "Kelin salom" ni yaxshilab o‘tkazib berish.

Sharifa hayotida birinchi marta "Xonim" roliga kirdi. Ko‘ziga yosh keldi... "Uy ishiga aralashma emish!" Roli tugasa "Endi bor yo‘qol, uy ishingni qil!" bo‘ladimi? Xo‘rligi kepketdi... O‘ziga o‘zi gapirdi: Eeee, ichi qora! Xursand bo‘lsang-chi. Savobga qolyapsan!
-Sharifajon bor endi kiyimingni kiyib chiqqin. So‘ng upa elik xam qilib ol. A senga upa-atir xam shartmas lekin. Go‘zalsan! Go‘zal! Eh! O‘zim kelin qilmapman... kulib gapirdi...
-Buxoro qizlari haqiqatdan go‘zal bo‘lishganda opa...
-Meni opa deyaverma, mehmonlar oldida "opa" devorsang bormi?! "Oyijon!" degin oyijon...
Sharifaning ichi to‘kilib tushdi... Axir u hech qachon hech kimni "oyijon" demagan-ku... Ko‘ziga yosh keldi... Yuragi "oyijon"degisi keldi. Qalbi "oyijon! degisi keldi...
Titroq ovozi bilan Opani sekingina "oyijon" dedi...
Mukarram opaning bitta-yu-bitta pahlavoni o‘g‘li bor. Ammo qizginasi yo‘q. Sharifaning ovozidagi mehrni sezgan bu “modniy”, sportivka kiyvogan ayolda "ona" uyg‘ondi...
-Meni Sharifaginam. Go‘zal qizginam! Mehrliginam o‘zimni. Qani bor kelin salomga tayyorlan.

Sharifa hech qachon birovning kiyimini yashirincha olib kiymagan qiz edi. Qanday bo‘larkan?... Javonga tikilib qaradi... Voy buuuu!!! Shuncha kiyimning ichidan yarashganini tanlash osonmi? Yaxshisi bir dunyo idish-tovoqni yuvib qo‘yishni so‘rashsa osonroq edi. O‘ylab qarasa kiyim tanlash xam bir mushkul ish ekan-ku! O‘zining eski xalatidan qo‘ymasin dedi-yu. Eplay olmadi. Xuddi kulgiga qolayotgandek o‘zini sezdi. Xuddi hamma uning ustidan kulayotgandek, uning "asl" kelin emasligini bilib qolishgandek xayollar uni seskantirdi. Sekin Mukarram opaning oldlariga borib "Oyi"desammikan yoki demasammikan deya ikkilandi. Va titragan ovoz bilan "Oyi... oyijon..." Mukarram opa" deb yuzlandi. Yerga qarab yig‘lab yuboray dedi.

-Men kiyim tanlay olmadim. O‘zingiz biror kiyim tanlab kiygizing opa...
-Vayey... "Oyi" degin oyiii! Hozir qiltdek kiyintirib qo‘yaman. To‘xtab turgin qudam bilan gaplashib olay. Kelisharmikan kelin salomga... Yoki ularsiz o‘tkazamanmi, bilib olishim kerak.
-Nimayam derdim... Alloh kelinimizga shifo bersin... O‘g‘lim o‘sha joyda do‘xtir bilan gaplashgani ketgan o‘rgilay! Men endi mana bu "Kelin salomni" o‘tkazay gapni ko‘paytirmasdan so‘ng shifoxonaga borib kelinimni ko‘rib kelaman o‘zim xam. Ha to‘g‘ri aytasiz borganim bilan kirgizishmasa...
-Sharifa, Shahina haliyam o‘ziga kelmayapti. Qudam borganim bilan foydasi yo‘q kirgizmaydi deyapti.
-Ibiii, qandoq qilamiz. Shahina opam kasal bo‘lib biz "Salom-salom" o‘ynaymizmi?!
-O‘ynamaymiz Sharifa, gapni qisqa qilamiz.

Salom, Salom, avvalo Yaratgan egamga Salom...
Sharifa titradi. Yaratgan egamga salom deb aldasa-ya?! Shu ishi to‘g‘rimi? Qo‘liga qo‘sh-qo‘sh uzuk taqishdi. Nikoh uzuginiyam taqib kuyishdi. Yolg‘on! Yolg‘on... Yoyolllg‘onnnn.. Endi nima qiladi. Qachon to‘xtarkan, qachon odamlarni gapi deb yolg‘onchi dasturxon, yolg‘onchi salom, yolg‘onchi marosim to‘xtarkan?!
Hayot sahnasida "Yolg‘on sahnalar" qanchalik baxtli qilganini bilmadimu, dedi-dedi, qarash-karash, zimdan nigoh tashlashlar, “voy doood” deging kepketadi. Kimga kerak ekan-a yo‘q baxtni "baxtliman" deb ko‘rsatish. Baxtli kelin-kuyov, general qaynona bo‘lsayam gapirisharkan, baxtsiz, kelini kasal bo‘lib qolgan, ko‘zida yosh quda-yu, o‘g‘lining aybini yopib qahramonlik qilayotgan qaynonani baribir gapirisharkan!!! Va nihoyat kuyov kirib keldilar. Hali hamma tarqamagan. Kuyov xam bir ko‘rinish bersin deyishdi. Pul ishlash ekanligini, obro‘ ishlash ekanligini bilibmanmi?! Kuyov Sharifaning oldiga kelib turdi. Hamma ovoz chiqaribam, ovoz chiqarmasdan ham duo qilib ketishdi. Balkim kimlardir hasad ham qilgandir. Kimdirlar men qachon qizimni uzataman-a, men qachon o‘g‘limga kelin olar ekanman” deb ichi to‘lganlar ham bo‘ladi, albatta bo‘ladi! Vazira opa deganlari isiriq olib yugurdilar. Ibiiii, ibiii...
Sharifaning yuragiga bir gap bo‘ldi. Bu sho‘rlik yurak har kuyga tushgandi. G‘amdan yig‘lagan, sog‘inchdan ezilgan va kutishlardan charchagan yurak bu safar tushunarsiz titradi. Yurak orziqib ketdi. Oldida turgan zabardast yelkalari keng, atirining hidi mast qiluvchi bu holat o‘ziniki bo‘lsa qaniydi...
Kuyov tomon qiyo boqishga yuragi betlamadi...
Ammo, sho‘rlik kuyov bu Buxoroning shahlo ko‘zginasiga uyalmasdan tikilib turardi...
Eh yoshlar, yoshlar!

Davomi bor .... davom etamiz

©️ Zebiniso Ahmedova