Zebiniso Ahmedovadan psixologik, psixoterapevtik blog

Katta xotinning KATTA xatolari

2024-12-19 08:37 Oila psixologiyasi
Zamon zayli qiziq bo‘ldi-da. Hech kimning qarigisi kelmaydi. 60 yoshdayam selfi oldingmi? Instagramda rasmingni topolmadim-ku, momo? Dugonalarim bilan gapda ko‘rdik yutubdagi o‘sha “prikolni”! Ayollar bilan talabalarning va ular bilan ishchilarning kiyimi bir xil jins bo‘lib qoldi. Zamonamiz zayli qiziq-da! Sochida oqi borlarning o‘zi qolmadi, na xotinlarda, erkaklardayam kamayib ketdi. Soch qop-qora, soqol oppoq! Oq soqolli qora soch! Ayollar xam zamonga yarasha. Zamon talabidan kelib chiqib yosh ko‘rinish niyatida kelinidek kiyinishadi. Kelinmi bu qaynonami bilish ham qiyin bo‘lib qoldi. EY! Boshni og‘ritmagin psixolog, buning nimasi yomon deysizmi? Hammasi to‘g‘ri, zamona zayliga qarshi borib bo‘larmidi, hatto psixolog bo‘lsang ham. Xato shundaki, yashash qiyinlashib ketganida. O‘zingga qara, qarima, yosh ko‘rinadigan prichyoska, rang, kiyim... Mana shu xato. Hech qachon tabiatni aldab bo‘lmaydi. Ammo 60 yoshdayam 25 yosh ko‘rinish mumkin. Buni psixologlar siz bilan ishlab to‘g‘rilab berisholadi. Uning uchun 25 yoshdagilar bajarishi lozim yumushlarni boshqatdan o‘z bo‘yningizga olishingiz lozim. Ya’ni yana o‘qish, yana hovli supurish, yana talabaday avtobusda yurish kerak. Shundagina organizm avvalgidek o‘zini yoshligini qabul qiladi. Shundagina organizmda mehnat qilishga ortiqcha kuch paydo bo‘ladi. Shundagina tomirlarda avvalgidek qon qaynab oqadi. Sheypingga borib, mushaklaringni yig‘ishtirib olsangu, miyangni yig‘ishtirib qo‘ymasang bo‘lmaydi-da. Miyaga bitta gap gapirib qo‘ying: Yosh ko‘ringing kelyaptimi, demak, yoshlardek mehnat qil! Yoshlardek ko‘p va ko‘p maqsadlarni oldingga qo‘y! Yoshlardek hayotni ko‘p va ko‘p sev!

Zebiniso Ahmedova