Zebiniso Ahmedovadan psixologik, psixoterapevtik blog

Ishtaha bilan qorin ochligi o‘rtasida farq bormi?

2024-12-19 08:57 Psixologik parhez
Ochqash yoki ochlik – bu organizmning fiziologik ehtiyoji bo‘lib, tananing sarflashi uchun quvvat manbai tugayotganligidan dalolat beradi. Bunda qonda glyukoza miqdori kamayib ketib, bosh aylanishi, xolsizlik va kuchsizlanish, holsizlanish bilan (charchash emas) namoyon bo‘ladi. Ochqaganingizni his qilishingiz uchun 4-5 soat ovqat yemaslik kifoya. Ishtaha esa, hissiyotdir. Organizmdagi ovqatning quvvat berishiga va modda almashinuviga taalluqli emas bo‘lgan hissiyotdir. Bizning istaklarimiz hissiyotlar bilan namoyon bo‘ladi. Hattoki, bizning qornimiz to‘q bo‘lsayam ishtaha, ya’ni ovqat yeyish istagi tanovul qilishga undashi mumkin. Sizni ovqatlanishga undagan kuch bu sizning ishtaha deb nomlangan hissiyotingizdir. Ishtaha istagi ovqat yeyish bilan assotsiatsiyalangan (ya’ni o‘sha ovqatni yeganingizda hayotingizda qandaydir baxtli voqea bo‘lganligini eslatadigan) hissiyotlarni chaqiradi. Sizning tafakkuringiz sizga baxtli onlarni eslashingizni taklif etganida biror ovqat yeyish uchun ishtahangiz ochiladi. Qorin ochligini to‘xtatish mumkin, ovqat yesangiz, qorningiz to‘yaveradi. Ammo, ishtaha istagini qondirib bo‘lmaydi. Chunki, biror ovqatga ishtahasi qo‘zigan, istaklari junbishga kelgan insonga ovqat emas, ovqat bilan bog‘liq lazzatni tuyish ko‘proq kerak bo‘ladi. Qorni och insonga “ovqat yegingiz kelyaptimi?” deb so‘rasangiz – “Ha” yoki “Yo‘q” deb javob beradi. Qorni to‘q bo‘lgan, lekin ishtaha hissiyoti istaklarini bayon qilgan insonga “Ovqat yegingiz kelyaptimi?” desangiz: “Nima yeymiz? Masalan, zo‘r osh bo‘lganida yerdim!” deb javob beradi. Ovqat yeyishga orzu va istak bilan qarash, ovqatdan lazzatlanish qidirish hissi bo‘lib, u hayotdagi muammolardan biroz chalg‘ish uchun “Yaxshi ovqatlanib maza qilish” uchun xizmat qilayotgan bo‘ladi. Hayotdagi yechimsiz muammolarni, asablarni tarang qilib yuborgan stresslarni, kayfiyatni tushirib yuborgan keskin vaziyat insonni hayotdan qoniqmaganligi hissini (asabiylik, jahl, agressiya, o‘zini yomon ko‘rib ketish, boshqalardan kutish, o‘zini ayblash, o‘ziga ishonchsizlik bildirish, o‘zini hurmat qilmaslik, o‘zidan ayb axtarish kabilar) ovqat yeyishdan lazzatlanish orqali biroz hayotdan qoniqishga undaydi. Siz hayotingizdagi qaysidir bir muammoni ovqat orqali yeb, o‘sha muammoning borligini unutyapsiz go‘yo. Hozir ovqatlanib bo‘lgan bo‘lsangiz xam, biror yegulikni tasavvur qilsangiz, og‘zingizda so‘lak ajralib, uniyam yegingiz kelib ketishini ishtaha deb ataymiz. Qorin ochligida ishtaha kelishi qorin to‘yishi bilan ovqat yeyishdan to‘xtatadi. Hatto, sizning eng yaxshi ko‘rgan ovqatingizni olib kelishsa ham yegingiz kelmaganligini, ishtahangiz ovqat yeyishga kuch bermaganligini sezdiradi.

Umuman ishtahaning yo‘qligi ham depressiyaning alomati bo‘lib, hayotdan hech narsa istamayotganligingizni bildiradi. Shuning uchun ishtaha bilan bilan qorin ochqaganligini aniqlab olish ozish uchun muhim malakadir. Chunki, ishtaha qorin ochqaganidan ko‘proq paydo bo‘ladi va ovqat yeyishga undaydi. Insonning istaklari, orzulari har doim ham maqsadga aylanavermaydi. Maqsad qo‘yilgan bo‘lsa ham har doim natijaga erishib bo‘lmaydi. Xuddi shunday ishtahani ham to‘liq yo‘qotib, to‘ydirib, ishtahani biroz bostirishning iloji yo‘q holatlari ham psixologik muammo hisoblanadi. Hayotdan qanchalik qoniqmaganlik bo‘lsa, inson orzulari amalga oshmagan, istaklari ro‘yobga chiqmagan bo‘lsa, u shunchalik o‘zini baxtsiz sezadi va ovqatga bo‘lgan ishtahasi bilan bu baxtsizliklarni bostiradi. Qarabsizki, orzularning armoni bu qalin yog‘, istaklarni maqsadga aylanmaganligi yana bir qalin yog‘ va maqsadlarni oxiriga yetkazishga kuch topa olmaslik undan ham qalin yog‘li qatlamlardir. Qorin ochqamasdan ishtaha ochilgani tufayli ovqatlanish organizmga quyilgan yog‘li qatlamlardir. Har doim maqsadingizni qat’iyat tishlari bilan tishlay olmaganingizda ovqatni qattiq- qattiq tishlab tortib yeysiz. Maqsadingizga erishishga sabringiz yetmaganida ovqatni shoshib, qoshiq-qoshiq ichingizga otaverasiz. Maqsadingizga to‘sqinlik qilayotgan odamlarni yomon ko‘rib ketganingizda dasturxondagi yeguliklarni boshqalar yeb qo‘yishidan ham qizg‘anishni boshlaysiz. Sizni ayblaganlarida ovqatdan ayb topasiz, lekin yeyaverasiz. Biror yumushni qilishga kuch topa olmaganingizda dasturxondan turgingiz kelmasdan uzoq tanovul qilasiz. Hayotingizdagi rejalaringiz pala-partish bo‘lganida dasturxoningiz soatlab yig‘ilmasdan yotganligini ko‘rishingiz mumkin. Yana ovqatlanish psixologiyasiga bog‘liq bo‘lgan qancha sirlarni ochib berishim mumkin. Ishtahani bostirishga umringiz ketayotganligi ovqatlanishga kuniga qancha vaqt ajratayotganligingiz bilan o‘lchanadi. Hayotda yechim topa olmayotganingizda “Nimadir yegim kelyapti, lekin nimaligini bilmayapman?” deb qo‘yasiz. Sizga biror yechim topib berishlarini istab, boshqalardan kutib noliganingizda “shu masalliqdan boshqacharoq ovqat tayyorlasa bo‘lardi!” deb nolib qo‘yasiz. Shu misralarni o‘qiganingizda ishtahangiz qo‘zg‘ab “Nimadir yesammikan?” deb o‘yladingizmi? Demak, sizning muammolar solib qo‘yilgan psixologik javoningizda ostin-ustun bo‘lgan savollar o‘zini bildirdi. Qorin ochligi tananing “ovqatdan quvvat olish”ehtiyojii bo‘lib, tanaga quvvat yetishmayotganligi ovozidir. Ishtaha esa, hayotdan zavq olishga ehtiyoj bo‘lib, qalbga nimadir yetishmayotganligi

Zebiniso Ahmedovaning "Psixologik parhez" kitobidan kichik lavha