Zebiniso Ahmedovadan psixologik, psixoterapevtik blog

Bobodehqon va omadli makkajo‘xori

Oila psixologiyasi
Bobodehqon va omadli makkajo‘xori

Zamon zayli bilan jurnalistlar dehqonlardan intervyu oladigan zamon kelib qolibdi. Bir telekanal jurnalisti eng ko‘p hosil olgan makkajo‘xorining eng yaxshi navini yaratgan bir bobodehqondan intervyu olibdi.

-Makkajo‘xorining eng serhosil navini yaratganingizning sirini ochsangiz, qanday qilib bunday serhosil nav yaratdingiz? Sizning dalangizning yonginasidagi dehqonlar shuncha mehnat qilib juda ham kam hosil olishibdi emish. Demak, siz yerning va hosil olishning bir sirini bilsangiz kerak?

-Hech bir sir-asror yo‘q deb hisoblayman. Ammo, hosilimning eng yaxshi qismini atrofimdagi dehqonlarga ulashaman.

— Makkajo‘xori hosilini yig‘guncha qancha mashaqqatli mehnatlar qilishingiz hammaga ma’lum. Nega endi bu mashaqqatlaringiz evaziga paydo bo‘lgan hosilni tekinga bervorasiz? Ehson qilish evaziga makkajo‘xori hosili mo‘l bo‘ladi demoqchimisiz? Lekin menga ilmiy tarzda tushuntirganingiz ma’qul edi.

— Albatta, bu xatti-harakatlarim ilmiy asoslangan. Qo‘shni dalalarda yaxshi navli urug‘ ekilsa, shamol ularning changini mening dalamga olib keladi va eng yaxshi navli urug‘ning changi bilan urug‘lanadi. Bu esa hosilimning yaxshi bo‘lishining, navning buzilmasligining asosiy mezonidir. Agar, qo‘shni dalalarga ekilgan urug‘lar past navli bo‘lsa, mening dalamdagi navning ham buzilishiga olib keladi. Qisqasi, o‘zingdagi eng oliy navli urug‘ni tarqatish bilan yaxshi urug‘ va mo‘l hosilga ega bo‘lish mumkin.

- Bu savolimga javob oldim. Ammo, nega eng yaxshi navni aniqlash musobaqasida sizning dalangizdagi makkajo‘xori birinchi o‘rinni olaveradi? Bu savolimga ham ilmiy asoslangan javob berishingizni so‘rab qolardim?

-Tushunganingizdek, mening dalamning atrofidagilar eng yaxshi nav sifatida bir xil urug‘ qadashgan edi. Ammo, oliy navli bu urug‘ga oliy darajada ishlov berish ham kerakda. Faqat, yaxshi urug‘ ekdim deb unga ishlov bermaslik, qarovini qilmaslik baribir hosilning past bo‘lishiga olib keladi. Yaxshi urug‘ qadaganimdan keyin, yaxshi ishlov ham beraman-da! Inson hayoti ham xuddi shundek... Sen yaxshi yashashing uchun atrofdagilarning fikrini zaharlamasliging kerak. Sen yaxshi yashashing uchun atrofdagilarning kayfiyatini bulg‘amasliging kerak. Sendan taralayotgan yaxshilik tilovchi ifor barchaga yuqadi va baxtli

yashaydigan oila muhiti paydo bo‘ladi. Bu oilaning ishlab chiqargan mahsulotining ismi esa BAXTLI bo‘lishdir.

© Psixolog - Zebiniso AHMEDOVA